25-27 aprel kunlari Toshkentda badiiy gimnastika bo'yicha jahon Kubogi bo'lib o'tadi

Toshkent badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogiga mezbonlik qiladi:
musobaqalar 25 aprel kuni start oladi

Matbuot relizi

An’anaga ko‘ra, bahor fasli badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichlarining o‘tkazilish davridir. Oradan ko‘p o‘tmay, dunyoning eng mahoratli gimnastika ustalari O‘zbekiston poytaxti — Toshkent shahriga tashrif buyuradi. Musobaqalar 25 aprel kuni start oladi va aynan shu kuni turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 26 aprel sanasida esa ko‘pkurash natijalariga ko‘ra Jahon kubogining ilk g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi. 27 aprel — musobaqaning yakuniy kunida esa alohida yo‘nalishlar bo‘yicha sovrindorlar taqdirlanadi.

Joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan turnirda 26 davlatdan gimnastikachilar ishtirok etadi, bular: Avstraliya, Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Belgiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Germaniya, Fransiya, Italiya, Vengriya, Hindiston, Niderlandiya, Polsha, Meksika, Yaponiya, Filippin, Singapur, Suriya, Sloveniya, Turkiya, AQSH, O‘zbekiston va neytral maqomda ishtirok etuvchi AIN sportchilari.

Nufuzli ishtirokchilar safida — Parij Olimpiadasi chempioni, Germaniyalik Darya Varfolomeyev hamda guruh mashqlaridagi chempion — Xitoy terma jamoasi. Musobaqaning faxriy mehmoni esa — jahon va Yevropa chempionatlari sovrindori, 2024-yilgi Olimpiada finalchisi, Sloveniya vakilasi Yekaterina Vedeneeva bo‘ladi. U musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlari uchun alohida syurpriz tayyorlamoqda.

Toshkentdagi Jahon kubogida O‘zbekiston sharafini quyidagi sportchilar himoya qiladi: Osiyo chempioni, Islom birdamlik o‘yinlari va Jahon kubogi bosqichlari g‘olibi, terma jamoamiz yetakchisi — Taxmina Ikromova, shuningdek, qit’a miqyosidagi musobaqalar g‘olibasi — Anastasiya Sarantseva. Guruh mashqlarida esa Olimpiya finalchilari — Mumtozabonu Isxoqzoda, Irodaxon Sodiqova, Evelina Atalyants, Amaliya Mamedova, hamda jamoaning istiqbolli a’zolari — Adelya Fayzulina va Maftuna Zairova ishtirok etadi.

Toshkent bosqichi — joriy yilgi Jahon kubogi seriyasining uchinchi bosqichi hisoblanadi. Uning ilk bosqichi aprel boshida Sofiya shahrida bo‘lib o‘tdi va O‘zbekiston delegatsiyasi u yerda 4 ta medalga sazovor bo‘ldi. Takhmina Ikromova 3 ta medal — bulava bilan kumush, ko‘pkurash va to‘p bilan chiqishda bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Guruh mashqlarida esa “3 to‘p + 2 halqa” dasturida kumush medalga erishildi.

16–19 aprel kunlari esa Bokuda Jahon kubogining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi va unda Mishel Nesterova hamda Lola Jo‘rayeva munosib debyut qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil boshidan boshlab Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining yangilangan Qoidalar kodeksi kuchga kirdi va endilikda gimnastikachilar aynan ushbu yangi reglament asosida o‘z dasturlarini namoyish etmoqdalar.

Shuningdek, ushbu nufuzli xalqaro musobaqa — Jahon kubogining Toshkent bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahri hokimligi, O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi hamda bosh homiy — “Uzavtosanoat” AJ ko‘magida tashkil etilmoqda.